
Yandex Uzbekistan respublikadagi kompaniyalar va tadbirkorlar uchun Yandex 360 virtual ofisini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.
Platforma jamoaviy ishni samarali tashkil etish va biznes jarayonlarini raqamlashtirish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, sun’iy intellekt (SI) funksiyalarini ham o‘z ichiga oladi.
Yangi tizim orqali korxonalar Pochta, Kalendar, Disk, Treker, Hujjatlar, Messenjer va Telemost kabi o‘zaro bog‘langan 12 ta xizmatdan foydalanishi mumkin. Bu xizmatlar jamoa ishini bir joyda muvofiqlashtirish, hujjatlar bilan masofadan ishlash va onlayn uchrashuvlar o‘tkazishni yengillashtiradi.
Yandex 360’ning asosiy afzalliklaridan biri – SI yordamida matn tayyorlash va tahrirlash funksiyasi bo‘lib, u Hujjatlar xizmatida foydalanuvchilarga tezroq va sifatliroq ish yuritish imkonini beradi.
Platforma yordamida xodimlar turli shaharlarda ishlayotgan bo‘lsa ham, yagona tizim orqali jamoaviy muloqot va hamkorlikni davom ettirishlari mumkin. Telemost orqali ming nafargacha ishtirokchi bilan videomuloqot o‘tkazish, Treker orqali esa loyihalar va jarayonlarni to‘liq nazorat qilish mumkin.
Bundan tashqari, boshqa tizimlardan Yandex 360’ga o‘tuvchi kompaniyalar uchun ma’lumotlarni xavfsiz ko‘chirish vositalari ham taqdim etiladi. O‘tish jarayoni bir necha soatdan bir necha haftagacha davom etishi mumkin, ammo barcha struktura saqlanib qoladi.
Platformada biznes xavfsizligi uchun majburiy parol nazorati, ko‘p faktorli autentifikatsiya va yopiq ish muhiti joriy etilgan. Xavfsizlik muntazam tarzda ichki testlar va tashqi auditlar orqali tekshirib boriladi.
Yandex 360 – bu korporativ muloqot, rejalashtirish, fayl almashish va masofaviy hamkorlikni yagona ekotizimda birlashtiruvchi yechim bo‘lib, O‘zbekiston bizneslari uchun yangi raqamli imkoniyatlarni ochadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex Go taksi xizmatini kar va zaif eshituvchilar uchun moslashtirgani haqida yozgandi.