Yangi avlod Kia Telluride ilk bor namoyish etildi

23-oktabr 2025 10:38 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yangi avlod KiaTelluride Foto: Wikiwand

Kia kompaniyasi yangi avlod KiaTelluride krossoverining dastlabki suratlarini e’lon qildi. Rasmiy taqdimot 20-noyabr kuni Los-Anjeles avtosalonida o‘tkaziladi.

Yangi modelning dizayni avvalgisidan yanada jiddiy va haybatli ko‘rinishga ega. Krossoverga aniq shakldagi g‘ildirak, vertikal LED chiroqlar va shunga o‘xshash orqa fonarlar o‘rnatilgan.

Telluride uch qatorli salonni saqlab qoladi, biroq platformasi yangilanadi. Korpus aerodinamik jihatdan takomillashtirilgan. Eshik tutqichlari korpusga singdirilgan, orqa ustun esa yanada massiv shaklda ishlangan.

Foto: Kia

Manbalarga ko‘ra, yangi Telluride bilan bir vaqtda off-road talqin – Hyundai Palisade XRT Pro’ga o‘xshash model ham taqdim etiladi. U balandroq klirens, mustahkam old bamper, qizil ilgaklar va tishli shinalar bilan ajralib turadi.

Dvigatel qatori ham yangilanadi. Asosiy versiyada 3,5 litrli V6 benzin dvigateli (287 ot kuchi) o‘rnatiladi. Eng muhim yangilik esa Telluride Hybrid bo‘lib, u 2,5 litrli turbomotor, ikki elektromotor va 1,65 kVt·soat sig‘imli batareyadan iborat gibrid tizim bilan ta’minlanadi. Uning umumiy quvvati 329 ot kuchiga teng bo‘ladi.

Kia Telluride modeli tarixi

Dastlabki konsept (2016-yil, Detroyt avtosaloni) Kia Telluride ilk bor 2016-yilda Detroyt avtosalonida konsept sifatida namoyish etilgan. O‘sha paytda bu model futuristik dizayni, 7 o‘rinli saloni va gibrid dvigateli bilan e’tiborni tortgan. Konsept 3,5 litrli V6 benzin dvigateli va elektromotordan tashkil topgan bo‘lib, umumiy quvvati 400 ot kuchiga teng edi.

Foto: Kia

Tijorat versiyasi 2019-yilda rasman taqdim etildi. U AQShda – Jorjiya shtatidagi West Point zavodida ishlab chiqarila boshlandi. Bu Kia tarixidagi eng katta SUV modeli bo‘ldi. Dastlab faqat Shimoliy Amerika bozoriga mo‘ljallangan edi.

2020-yilda Kia Telluride World Car of the Year va North American Utility Vehicle of the Year unvonlariga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, MotorTrend SUV of the Year va Car and Driver 10Best mukofotlarini ham qo‘lga kiritdi. Bu Kia uchun tarixdagi eng katta xalqaro muvaffaqiyatlardan biri bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Kia yangilangan 2026-yilgi Sorento Hybrid modelini taqdim etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek