
21-oktabr kuni Yangi Zelandiyada 100 mingga yaqin davlat sektoridagi xodimlar – o‘qituvchilar, hamshiralar va davlat xizmatchilari ish tashlab, hukumatni ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini moliyalashtirishga chaqirdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
Bu mamlakat tarixidagi eng yirik noroziliklardan biri bo‘ldi. Tashkilotchilarning ma’lumotiga ko‘ra, 60 mingdan ortiq maktab o‘qituvchisi, 40 mingga yaqin hamshira va shifokor, shuningdek, 15 ming davlat xizmatchisi namoyishlarda qatnashdi.
Kuchli yomg‘ir va shamollarga qaramay minglab odamlar Oklend, Vellington va boshqa shaharlar ko‘chalarida yig‘ilib, plakatlar bilan hukumatni ta’lim va sog‘liqni saqlashni qutqarishga chaqirdi.
«Bemorlar vaziyat yaxshilanishini kutib azob chekishlari yoki hayotdan ko‘z yumishlari kerak emas», – dedi Oklenddagi miting qatnashchilaridan biri hamshira Beks Kelsi.
Norozilikka bir nechta kasaba uyushmalari rahbarlik qilgan, ular koalitsion hukumat bilan mehnat shartnomalari bo‘yicha muzokaralarning to‘xtab qolganini bildirdi. Asosiy talablar past ish haqi, xodimlar yetishmovchiligi va resurslarning tanqisligi. Ko‘plab shifokor va o‘qituvchilar bu holat ularning bemorlar va o‘quvchilarga bo‘lgan mas’uliyatiga xavf solayotganini ta’kidladi.
Bosh vazir Kristofer Lakson holatni noo‘rin va samarasiz deb baholagan bo‘lsa, davlat xizmati vaziri Judit Kollinz minglab bemorlar va bolalar bu harakatning narxini to‘lashini aytdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Peruda jinoyatchilikka qarshi favqulodda holat e’lon qilingani haqida xabar bergan edi.