Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini e’lon qildi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan navbatdagi 19-sanksiyalar paketini rasman joriy etdi. Bu haqda Yevroittifoq Kengashi bayonotida ma’lum qilindi.
Yangi sanksiyalar 21 nafar jismoniy va 41 ta yuridik shaxsga qarshi qo‘llanadi. Cheklovlarga Rossiyaning yirik sanoat korxonalari, banklar, logistika kompaniyalari va ayrim xorijiy firmalar kiritilgan.
Asosiy cheklovlar
Yevropa Ittifoqi quyidagilarga sanksiya joriy etdi:
- AvtoVAZ, Evraz, Polius va ODK-Ufa motorsozlik birlashmasi kabi korxonalar;
- Sollers, DVBM (Fesco guruhi), Zvezda kemasozlik majmuasi va Litasco Middle East (BAAdagi Lukoil shuba korxonasi);
- 12 ta Xitoy, 3 ta Hindiston va 2 ta Tailand kompaniyalari – Rossiyaga ikki maqsadli texnologiyalar eksport qilgani uchun;
- 8 ta xorijiy bank, jumladan, MTS bank, Alfa-bank, Zemsky bank va Absolyut bank bilan tranzaksiyalar 2025-yil 12-noyabrdan boshlab taqiqlanadi;
- 2026-yil 25-apreldan Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz (SPG) importi to‘liq to‘xtatiladi.
Shuningdek, Yevropa kompaniyalariga Rossiyada turistik xizmatlar ko‘rsatish, Skolkovo va Innopolis kabi erkin iqtisodiy zonalar bilan hamkorlik qilish taqiqlanadi.
Jismoniy shaxslar ro‘yxati
Yangi sanksiyalar ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgan:
- AvtoVAZ prezidenti Maksim Sokolov;
- Oliy iqtisodiyot maktabi rektori Nikita Anisimov;
- Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev yordamchisi Oleg Osipov;
- Tarixiy xotira jamg‘armasi direktori Aleksandr Dyukov;
- Rossiya, Qrim, LNR va DNRdagi ayrim siyosatchilar hamda Yunarmiya harbiy-patriotik harakati rahbarlari.
Yevroittifoq bu sanksiyalar Rossiyaning harbiy va texnologik salohiyatini susaytirishga, shuningdek, mamlakatning energiya eksportidan tushadigan daromadlarini kamaytirishga qaratilganini ma’lum qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyodagi qaysi banklarga sanksiya joriy qilgani haqida yozgandi.