
BYD kompaniyasi tomonidan BYD Qin L DM-i 2026 avtomobili taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Modelning narxi $13,6 mingdan boshlanadi.
Yangi model Dragon Face dizayn konsepsiyasida ishlab chiqilgan. U old qismida yirik radiator panjarasi va noodatiy shakldagi LED chiroqlar bilan ajralib turadi.

Salon qismida an’anaviy uzatma tutqichi olib tashlangan. Unda rul yoniga o‘rnatilgan yangi tizim joriy etilgan. Yangilangan DiLink100 multimedia tizimi esa endi hayvonlar mavzusidagi interfeys, mikrofonsiz karaoke va telefon orqali manzilni ishora orqali navigatorga yuborish imkonini beradi.

Texnik jihatdan avtomobil 1,5 litrli benzin dvigateli (74 kVt, 126 N·m) va elektr motor (120 yoki 160 kVt) kombinatsiyasiga ega. O‘rtacha yoqilg‘i sarfi — atigi 2,79 L/100 km, akkumulyator to‘liq ishlatilgandan so‘ng esa 2,6 L/100 km gacha tushirilishi mumkin.
Modelda BYD Tianshen C haydovchiga yordam beruvchi tizim o‘rnatilgan. Qin L DM-i o‘zining uzun g‘ildirak bazasi va keng saloni bilan oilaviy foydalanish uchun mo‘ljallangan.


Bozorda bu model Geely Galaxy A7 bilan raqobatlashadi. Galaxy A7 2025-yil avgustida $12 mingdan boshlanadigan narxda chiqib, birinchi kunda 10 mingdan ortiq buyurtma olgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD Song L DM-i 2026 gibrid avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.