Birlashgan Arab Amirliklari kompaniyasi o‘zbekistonlik haydovchilarni ishga taklif qilmoqda

O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi xodimlari Dubai Taxi Company PJSC rahbari Sayid Amin Abdulrahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda o‘zbekistonlik malakali haydovchilarni BAA hududida qonuniy ravishda ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
BAA vakili mamlakatimiz hukumati tomonidan xorijda ishlayotgan vatandoshlarimizning huquqlarini munosib himoya qilish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, O‘zbekiston prezidentining «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.
Sayid Amin Abdulrahmon O‘zbekiston bilan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
«Dastlab 200 nafar o‘zbekistonlik haydovchini ishga olishni rejalashtirganmiz. Agar ularning natijalari yaxshi bo‘lsa, yana 500 nafar haydovchini jalb qilish mumkin», — dedi u.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Mehnat agentligi va Dubai Taxi Company vakillari bu yo‘nalishdagi hamkorlikning keyingi bosqichlarini muhokama qilishga kelishib oldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BAAda yangi turdagi kirish vizalari joriy etilgani haqida xabar bergan edi.