Yangiliklar

Dream House Design qurilish qoidalarini buzgani uchun litsenziyasidan mahrum bo‘ldi

Tashkilot shaharsozlik talablariga amal qilmagan
Dream House Design qurilish qoidalarini buzgani uchun litsenziyasidan mahrum bo‘ldi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Qurilish vazirligining da’vosiga ko‘ra, Dream House Design kompaniyasining 2021-yil 13-martda berilgan litsenziyasi bekor qilindi. Sud qaroriga muvofiq, korxona litsenziyalar reyestridan chiqarildi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya ishlab chiqqan loyiha shaharsozlik normalariga zid bo‘lgani aniqlangan. Xususan, binolar o‘rtasidagi masofa, quyosh nuri tushishini ta’minlash va qo‘shni mulk egalari bilan kelishish talablariga amal qilinmagan.

2024-yil 21-fevralda Olmazor tumanidagi Farobiy va Hurriyat ko‘chalarida yashovchi fuqarolar Qurilish vazirligiga murojaat qilib, loyiha hujjatlaridan norozi ekanliklarini bildirgan. O‘rganish natijasida Glorious Chigatoy tomonidan qurilayotgan biznes markazi va avtoturargoh majmuasi loyihasida qonunbuzarliklar mavjudligi tasdiqlangan.

Sud 10 kunlik muddatda kamchiliklarni tuzatish vazifasi qo‘yilgan, biroq kompaniya bu talabni bajarmagan. Shundan so‘ng Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi litsenziyani butunlay bekor qilish qarorini chiqargan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan turarjoy majmualarining nomi o‘zbek tilida yozilishi haqida xabar bergan edi.