Hindistonda avtobus yonib ketishi natijasida kamida 20 kishi halok bo‘ldi

Hindistonning janubidagi Andxra-Pradesh shtatida avtobus mototsikl bilan to‘qnashganidan so‘ng yong‘in chiqib, kamida 20 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda DW ma’lum qildi.
Hodisa Kurnul shahri yaqinidagi Chinnatekuru qishlog‘ida juma kuni tongda yuz bergan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, 11 jasad aniqlangan, yana 9 nafari hali tanilmagan — ba’zilari tanib bo‘lmas darajada kuygan.
Tergovga ko‘ra, mototsikl avtobusning orqa qismiga urilib, yonilg‘i bakiga tiqilib qolgan va portlash yuz bergan. Shundan so‘ng butun avtobusni olov qoplagan. Haydovchi o‘t o‘chirgich yordamida yong‘inni to‘xtatishga uringan, biroq olov juda tez tarqalgan.

18 yo‘lovchi derazalarni sindirib chiqib qutulishga muvaffaq bo‘lgan, ammo ko‘pchilik uxlash holatida bo‘lgani sababli chiqishga ulgurmagan. Politsiya eshik tiqilib qolgan bo‘lishi ham qurbonlar sonining ko‘payishiga sabab bo‘lganini taxmin qilmoqda.
Bu Hindistonda ikki hafta ichida sodir bo‘lgan ikkinchi yirik avtobus yong‘inidir. Avvalroq Rajastan shtatida 19 kishi xuddi shunday hodisada halok bo‘lgan edi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ham halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, 200 ming rupiy (taxminan $2,3 ming) miqdorida yordam, jarohat olganlarga esa 50 ming rupiy (taxminan $560) kompensatsiya ajratilishini e’lon qildi.
Hodisa yuzasidan rasmiy surishtiruv ishlari boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan JSST Hindistonda aniqlangan zaharli yo‘tal siroplari haqida ogohlantirgani haqida yozgan edi.