Hindistonda o‘zbekistonlik ayol jinsiy qullikdan qutqarildi

Hindistonning Haydarobod shahrida politsiya fohishalik tarmog‘iga qarshi reyd o‘tkazib, uch nafar ayolni, jumladan, O‘zbekiston fuqarosini ozod qildi. Bu haqda Times of India nashri xabar berdi.
Huquqni muhofaza qilish organlari Banjara-Hillz tumanidagi mehmonxonada faoliyat yuritgan noqonuniy tarmoqni fosh qildi. Operatsiya davomida tashkilotchi – 36 yoshli Sharif, mehmonxona administratori va yetti nafar mijoz qo‘lga olindi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Sharif Style Maker nomli salonni boshqargan va ish topish va’dasi bilan ayollarni aldab, ularni jinsiy ekspluatatsiyaga majbur qilgan.
Politsiya mehmonxonaning 111 va 112-xonalarida tintuv o‘tkazib, 5950 rupiy naqd pul va 13 ta mobil telefonni ashyoviy dalil sifatida musodara qildi.
Huquq-tartibot idoralari vakillarining aytishicha, jinoyatchilar «ish takliflari» bilan ayollarni tuzoqqa tushirgan, ammo politsiya tezkor aralashuvi natijasida ularning keyingi ekspluatatsiyasi oldi olindi.
Hozirda barcha gumonlanuvchilar va dalillar Banjara-Hillz politsiyasiga topshirilgan. Mahalliy hukumat ushbu holatda mehmonxona ma’muriyatining javobgarligini ham o‘rganmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan JSST Hindistonda aniqlangan zaharli yo‘tal siroplari haqida ogohlantirgani haqida yozgan edi.