
Bugun, 24-oktabr kuni Markaziy bank (MB) asosiy stavkani o‘zgartirmay, 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Joriy yilning uchinchi choragidaham iqtisodiy faollik tendensiyalari davom etdi. Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’minlanishi, oʻtgan yildagi inflyatsiya omillari hissasi chiqib ketishi va almashuv kursi mustahkamlanishining tovarlar narxlariga barqarorlashtiruvchi taʼsiri sentyabr oyida yillik inflyatsiyaning sekinlashishiga xizmat qildi. Shu bilan birga, faol yalpi talab sharoitida tashqi taklif omillari bilan bogʻliq narxlarni oshiruvchi xatarlar va xizmatlar inflyatsiyasi yuqoriligi saqlanib qolmoqda. Ushbu omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi», deyiladi xabarda.
Sentabr oyida umumiy inflyatsiya yillik 8 foizni tashkil etdi. Bunda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari guruhi inflyatsiyasi yillik 6,1 foizgacha sekinlashib, pasaytiruvchi hissa qoʻshdi. Xizmatlar inflyatsiyasi, jumladan, tartibga solinadigan narxlar ta’sirisiz ham, talab omillari hisobiga umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil yakuniga inflyatsiya prognozi pasayish tomonga qayta koʻrib chiqildi va 8% atrofida shakllanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, joriy yilning III choragidagi yuqori iqtisodiy oʻsish va investitsion faollik kelgusi chorakda ham davom etib, yil yakunida YAIM real oʻsishi 7-7,5 foiz atrofida boʻlishi prognoz qilinmoqda.
Keyingi yig‘ilish 2025-yil 11-dekabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq regulyator 11-sentabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ham asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qilgandi.