Markaziy Bank banklarning sanksiyaga uchrashiga juda ham jiddiy qaraydi — Timur Ishmetov

Markaziy Bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov O‘zbekiston banklarining sanksiyalarga uchrashi mumkinligi haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Markaziy Bank mamlakatdagi banklarning sanksiyalarga uchrashiga juda ham jiddiy qaraydi va banklarga doimi sanksiyaga uchragan banklar bilan operatsiyalarni qat’iy amalga oshirmaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berib boradi.
«Biz banklarni bu borada qat’iy nazorat qilamiz. Aynan shunday ishlashimiz tufayli banklarni sanksiyaga uchrashini oldini olmoqdamiz»,— dedi Markaziy Bank boshqaruv raisi.
Timur Ishmetov shuningdek, AQSh tomonidan Rossiyaning «Lukoil» va «Rosneft» kompaniyalariga sanksiyalar joriy etilishiga izoh berdi:
«Dunyoda bo‘layotgan o‘zgarishlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga bilvosita kichkinami yoki kattami, baribir ta’siri bo‘ladi. Sanksiyalar xatari barcha taxminlarda hisobga olinadi. Neft xarid qilish bu juda uzoq muddatli shartnomalarda amalga oshiriladi. Qo‘shimcha qilish kerakki, sanksiyalarda bevosita ishtiroki bo‘lmagan davlatlar bemalol muzokaralarda qatnashishi va sanksiyalarni chetlab o‘tishi uchun tushuntirishlar berishi mumkin»
Avvalroq Kursiv Uzbekistan dollarning qadrsizlanish sabablari va so‘mning mustahkamlangani haqida yozgan edi.