O‘zbekiston Rossiyadan oltin sotib olmagan — Markaziy bank raisi

24-oktabr kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida rais Timur Ishmetov O‘zbekiston Rossiyadan oltin xarid qilayotgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Unga ko‘ra, bunday ma’lumotlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
«Biz hech qachon boshqa davlatlardan oltin sotib olmaganmiz va sotib olish niyatimiz yo‘q. O‘zimizga yetadigan oltinimiz bor», — dedi Ishmetov.
Rais bu masala bo‘yicha The Economist jurnalida chop etilgan maqolani eslab o‘tdi. Unga ko‘ra, Markaziy bank nashrga rasmiy murojaat yuborib, unda keltirilgan ma’lumot manbasini so‘ragan va xatolikni ko‘rsatgan.
«Izohimizdan so‘ng jurnal keyingi sonida bu xatoni tuzatdi. Juda tushunarsiz holat bo‘lgan», — dedi Markaziy bank raisi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda birinchi oltin sotuvchi bankomat ishga tushgani haqida xabar bergan edi.