«O‘zatom» delegatsiyasi Italiyada yirik energiya turbinalari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi
24-oktabr kuni «O‘zatom» delegatsiyasi Italiyaning Genuya shahrida joylashgan Ansaldo Energia zavodiga tashrif buyurdi. Bu korxona dunyodagi eng yirik turbin uskunalari ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, delegatsiya zavodda 1000 MVt gacha quvvatga ega bo‘lgan turbogeneratorlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Mehmonlarga ishlab chiqarish sexlari, xususan, rotorlar va turbin pichoqlari tayyorlanadigan bo‘limlar bo‘yicha batafsil ekskursiya tashkil etildi.
Ansaldo Energia turli quvvat va o‘lchamdagi turbinalar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lib, kompaniya kichik energiya bloklaridan tortib, yirik sanoat korxonalariga mo‘ljallangan uskunalarigacha keng assortimentni taklif etadi.
«O‘zatom» axborotiga ko‘ra, tashrif ikki tomonlama texnik hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilayotgan atom elektr stansiyasi loyihasi uchun muhandislik parametrlarini baholash jarayoniga zamin yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan AES blokining xavfsizlik tahlili talablari tasdiqlangani haqida yozgan edi.