O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan hamkorlik bitimi imzolandi

eʼlon qilindi
Hujjat ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va ta’lim aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan hamkorlik bitimi imzolandi
Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi «Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim»ni (EPCA) imzoladi. Marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi raisi Antonio Koshta va Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bitimga tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov hamda Yevrokomissiya vitse-prezidenti Kaya Kallas imzo chekdi. Mazkur hujjat 2019-yildan beri olib borilgan 10 ta muzokara va 150 dan ortiq uchrashuvlar natijasida tayyorlandi. Bitim O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida savdo, investitsiya, raqamli xavfsizlik, ta’lim va ilm-fan sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishni nazarda tutadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

U Yevropa bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, bojxona va texnik to‘siqlarni kamaytirish orqali tadbirkorlar uchun yangi sharoitlar yaratadi. Shuningdek, bitim talabalar va mutaxassislar uchun viza tartiblarini soddalashtirish hamda ilmiy va texnologik almashinuvni kuchaytirishni ko‘zda tutadi. Rasmiylar bu jarayonni O‘zbekiston tashqi siyosatidagi muhim burilish sifatida baholamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Bryusselga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek