Prezident Shavkat Mirziyoyev Belgiya qirolini O‘zbekistonga taklif qildi

Bryussel shahridagi rasmiy tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev belgiyaliklar qiroli Filipp bilan Laken saroyida uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda tomonlar savdo, investitsiya va madaniy sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.
Qirol Filipp prezident Mirziyoyevni O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida imzolangan kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi bilan samimiy tabrikladi.




Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston – Belgiya aloqalari izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi. Vazirliklar o‘rtasida muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan, parlamentlarda do‘stlik guruhlari tashkil etilgan. Madaniy hamkorlik ham kengaymoqda: Toshkent va Kortreyk, Samarqand va Lyej shaharlari birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi. Kortreykda Abu Ali ibn Sinoning byusti ochildi.
Belgiya kompaniyalari O‘zbekistonda faoliyat yuritmoqda, ayniqsa, to‘qimachilik, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalarida muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev qirol Filippni O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqi bilan viza tartibotlarini soddalashtirish masalasini muhokama etgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi uchrashuvda ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni kuchaytirish uchun viza tartibini soddalashtirish zarurligi ta’kidlandi.