Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev Bryusselda qanday kutib olindi — foto

Belgiya xalqaro aeroportida uni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili kutib oldi
Shavkat Mirziyoyev Bryusselda qanday kutib olindi
Shavkat Mirziyoyev Bryusselda qanday kutib olindi. Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Bryussel shahriga yetib bordi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Belgiya poytaxtining xalqaro aeroportida uni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays va boshqa rasmiylar kutib oldi.

24-oktabr kuni Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen hamda Belgiya qiroli Filipp bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

Tashrif davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, davlat rahbari Yevropaning yirik kompaniyalari hamda moliyaviy tashkilotlari vakillari bilan davra suhbatida ishtirok etadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb 30 – 31-oktabr kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida yozgandi. Tashrif doirasida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik, mintaqaviy aloqalar va savdo-iqtisodiy munosabatlar muhokama qilinadi.