Shavkat Mirziyoyev Yevropa Ittifoqi bilan viza tartibotlarini soddalashtirish masalasini muhokama qildi

Bryusselda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni kuchaytirish uchun viza tartibini soddalashtirish zarurligi ta’kidlandi.




Shuningdek, Mirziyoyev Yevropaning yirik kompaniyalari va moliyaviy tashkilotlari rahbarlari bilan energetika, kimyo, muhim minerallar, logistika, to‘qimachilik va farmatsevtika sohalarida umumiy qiymati 10 milliard yevrodan ortiq yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu hozirgi 40 milliard yevrolik loyihalar portfeliga katta qo‘shimcha bo‘ladi.
Bundan tashqari, uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi. Yakunda Qo‘shma bayonot imzolandi.
Avvalroq O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan hamkorlik bitimi imzolangani xabar qilingandi. Bitimga tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov hamda Yevrokomissiya vitse-prezidenti Kaya Kallas imzo chekdi. Mazkur hujjat 2019-yildan beri olib borilgan 10 ta muzokara va 150 dan ortiq uchrashuvlar natijasida tayyorlandi. Bitim O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida savdo, investitsiya, raqamli xavfsizlik, ta’lim va ilm-fan sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishni nazarda tutadi.