
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda toshkentlik ayolning uy bilan bog‘liq oilaviy mojarosi tarqalgandi. Mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, 2024-yil avgust oyida 1997-yilda tug‘ilgan fuqaro 1999-yilda tug‘ilgan fuqaroga uylanmoqchi ekanini aytib, uning ishonchiga kirgan. Ammo to‘ydan avval muammolari borligini aytib, uni hal qilish uchun qizning uyini garovga qo‘yib turishini aytgan. Muammolari hal bo‘lishi bilan uyni ularga qaytarishini aytib, uyni boshqa fuqaroga $240 mingga sotib yuborgan.
Holat yuzasidan ushbu fuqaroga nisbatan firibgarlik (Jinoyat kodeksi 168-modda, 4-qism «a» bandi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi tanlangan.
Tergov davomida mazkur shaxs boshqa fuqarolarni ham aldab, bir nechta firibgarlik holatlarini sodir etgani aniqlangan. Toshkent shahar IIBBga ko‘ra, ish Mirzo Ulug‘bek tumani sudiga yuborilgan va hozirgi kunda sud jarayoni davom etmoqda.
Avvalroq ushbu uyni sotib olgan tadbirkor va uning ayoli voqea yuzasidan munosabat bildirgani xabar qilingandi. Karimov o‘zini halol xaridor sifatida ko‘rsatib, aldovga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.
«Agar ular bizneslarida muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsa, bu mening aybim emas. Uy aslida $240 mingga ham arzimaydi, men yordam sifatida sotib olganman», – dedi bloger.
Sanjar Karimovning turmush o‘rtog‘i Dinora ham ijtimoiy tarmoqlarda murojaat qilib, erini himoya qildi.
«Sizning sobiq qallig‘ingiz sizni ham, ota-onangizni ham, Sanjarni ham aldagan. Mening erim ham uning firibgarligidan zarar ko‘rdi», – deb yozgan u.