Tramp va Si Szinpin 30-oktabr kuni Janubiy Koreyada uchrashadi

AQSh prezidenti Donald Tramp 30-oktabr kuni Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo sammiti doirasida Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashadi. Bu Tramp prezidentlik postiga qaytgandan keyin birinchi uchrashuvi bo‘ladi.
Uchrashuvga bir necha haftadan beri tayyorlanayotgan edi, biroq AQSh va Xitoy o‘rtasidagi keskinlik ortgani sababli uning o‘tkazilishi so‘roq ostida qolgan. Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livit ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti doirasida Janubiy Koreyaning Kyongju shahrida o‘tadi.
«Men Xitoy raisi Si Szinpin bilan ancha uzoq muloqot rejalashtiryapman. Ko‘p savollarga aniqlik kiritamiz va imkoniyatlarimizdan birgalikda foydalanamiz», — dedi Donald Tramp.
Tramp Janubiy Koreyada mahalliy rahbar Li Chje Myon bilan ham uchrashadi hamda mintaqa yetakchilari uchun o‘tkaziladigan kechki ovqatda qatnashadi. Safar doirasida u, shuningdek, Malayziyada ASEAN sammitida ishtirok etib, Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi bilan uchrashadi.
Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, Tramp va Si Szinpin 2025-yil davomida kamida uch marta telefon orqali muloqot qilgan, so‘nggi marta sentabrda TikTok faoliyatiga oid masalani muhokama qilgan. Tramp to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar ikki davlat o‘rtasidagi tariflar, savdo nizolari va fentanil savdosiga oid ziddiyatlarni yumshatishning eng samarali yo‘li ekanini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy sanksiyalar tufayli Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatgani haqida xabar bergan edi.