UzAuto Motors kompyuter xaridi bo‘yicha tarqalgan ma’lumotlarga munosabat bildirdi

UzAuto Motors ayrim telegram sahifalarida kompaniya bo‘limlari uchun kompyuter texnikasi xaridi yuzasidan xodimlar noroziligi haqida tarqalgan ma’lumotlarni asossiz deb atadi.
Kompaniya bayonotida ta’kidlanishicha, ushbu postlar komplayens xizmati faoliyatini obro‘sizlantirish va jamoatchilik orasida salbiy fikr uyg‘otish maqsadida yaratilgan kontentdir.
UzAuto Motors’ning ma’lum qilishicha, xarid qilinayotgan kompyuterlarning konfiguratsiyasi ishlab chiqarish bo‘linmalarining katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish ehtiyojlarini hisobga olgan holda tanlangan. Kompaniya qayd etishicha, tanlangan modellar qimmat toifaga kirmaydi va ular narx–sifat mutanosibligi asosida belgilanadi.
Shuningdek, korxona muhandis-texnik xodimlari o‘z xizmat vazifalarini samarali bajarish uchun zarur texnik vositalar bilan to‘liq ta’minlangan.
UzAuto Motors xarid jarayoni O‘zbekiston qonunchiligi talablariga muvofiq, ochiq elektron savdo maydonchalari orqali o‘tkazilayotganini, bu esa oshkoralik, raqobat va nazoratni ta’minlashini ta’kidladi.
Kompaniya o‘z faoliyatida samaradorlik, resurslardan oqilona foydalanish va ochiqlik tamoyillariga qat’iy amal qilishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan General Motors avtomobillarida yangi texnologiyalarni joriy qilishi haqida yozgan edi.