Yangilangan Chevrolet Cobalt qanday dvigatelda chiqadi — foto, video

24-oktabr 2025 17:21 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yangilangan Chevrolet Cobalt
Rasm SI yordamida sayqallangan / Manba: Chevrolet

UzAutoMotors Chevrolet Cobalt modelining yangilangan versiyasi haqida ma’lumot berdi. Endilikda avtomobil Euro-5 ekologik standartiga javob beradigan yangi dvigatel bilan ta’minlanadi.

Yangi B-DOHC (B15D2 L2B) tipidagi dvigatelda gaz taqsimot fazalarini o‘zgartiruvchi VANOS tizimi qo‘llanilgan. Bu texnologiya yonilg‘i sarfini kamaytirib, chiqindi gazlar miqdorini ancha pasaytiradi.

Kompaniya ma’lum qilishicha, dvigatelda yangi E64 elektron boshqaruv bloki va ikkita taqsimlovchi valda (kirish va chiqish) fazaviy o‘zgarish tizimi mavjud. Shuningdek, alyuminiy silindr boshi va cho‘yan silindr bloki saqlanib qolgan.

Foto: Autostrada

Cobalt uchun mo‘ljallangan yangi motor benzinda (AI-95, ruxsat etilgan AI-91/98) yoki gazda ishlaydi. Avvalroq ayrim manbalarda ushbu model Euro-2 standarti bilan ishlab chiqarilishi haqida xato ma’lumot tarqalgan edi. Endi esa Chevrolet Uzbekistan rasmiy kanali yangi Cobalt’ning Euro-5 talablariga javob berishini tasdiqladi.

Foto: Chevrolet

Model haqida nimalar ma’lum

Yangi avlod Cobalt interyeri yanada zamonaviy va funksional ko‘rinishga ega bo‘ladi. Avtomobilning old paneli Tracker 1 uslubida ishlangan bo‘lib, unda dvigatel harorati ko‘rsatkichi va yorqin yoritilgan spidometr joylashgan. Spidometr maksimal 200 km/soat tezlikni ko‘rsatadi. Haydovchi uchun qulaylik yaratish maqsadida ko‘p funksiyali rul o‘rnatilgan. Unda audio tizimni boshqarish va kruiz-kontrol tugmalari joylashgan.

Video: Chevrolet

Markaziy konsol ham yangicha dizaynda. Unda katta sensorli MyLink multimedia tizimi o‘rnatilgan bo‘lib, u Apple CarPlay va Android Auto funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Ekran orqali audio tizim, telefon va avtomobil sozlamalarini boshqarish mumkin. Sensorli panelning ostida konditsioner tugmalari joylashgan, uzatmalar qutisi selektori esa zamonaviy ko‘rinishga ega va qo‘lda M rejimida boshqarish imkonini beradi.

Foto: Chevrolet

Faralar, tuman chiroqlari va panel yorug‘ligini boshqarish tugmalari alohida blokda joylashgan. Bu elementlar haydovchi uchun barcha zarur funksiyalarni qulay boshqarishni ta’minlaydi. Old o‘rindiqlar mato va qo‘shimcha materiallar kombinatsiyasida tayyorlangan bo‘lib, yon tomondan qulay qo‘llab-quvvatlashga ega. Ular isitish funksiyasi bilan jihozlangan, bu esa sovuq mavsumda qo‘shimcha qulaylik beradi.

Foto: Chevrolet

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, ushbu tizim to‘g‘ri moy tanlashni talab qiladi. Ishlab chiqaruvchi 0W20 Dexos1 moyidan foydalanishni tavsiya qiladi. O‘zbekiston kabi issiq iqlim sharoitida sifatli va original 5W30 Dexos1 moyini ham ishlatish mumkin. Past sifatli moy ishlatilsa, tizimdagi aktuatorlarning ishlashida nosozliklar, shovqinlar va tezroq eskirish xavfi paydo bo‘lishi mumkin.

Foto: Chevrolet

Narxi

Yangi Cobalt uchun narxlar:

  • Cobalt Style MCM — 156 100 000 so‘m;
  • Cobalt Midnight MCM — 165 200 000 so‘m.

Mavjud komplektatsiyalar narxlari o‘zgarishsiz qoladi:

  • Cobalt Style AT Plus — 147 916 000 so‘m;
  • Cobalt Midnight AT — 155 231 000 so‘m.

Avvalroq Chevrolet Cobalt avtomobilidagi eng ko‘p uchraydigan muammolar haqida yozgan edik.

Shuningdek