Eksport, pul o‘tkazmalari, oltin narxi — so‘mni nima mustahkamladi

Yanvar-sentabr oylarida so‘mning qadri 6,5 foizga oshdi. Bu haqda Markaziy Bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov OAV vakillari bilan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
2025-yilning aprel oyidan boshlab milliy valyuta almashuv kursida mustahkamlanish tendensiyasi bilan birgalikda uning tebranishlar darajasining oshishi kuzatilmoqda.
Joriy yilning boshidan sentabr oyigacha O‘zbekistonga kirib kelayotgan valyuta oqimlarida oshish kuzatilgan. Jumladan, eksport tushumlari 18 foizga oshib $19 mlrdga yetdi. Shuningdek, banklar tomonidan xorijiy valyutaga kreditlar hisobidan ichki bozorga $6,3 mlrdlik mablag‘lar sotildi. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobarga ko‘proq.

Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, transchegaraviy pul o‘tkazmalari orqali $13,9 mlrd kirib keldi. Bu o‘tgan yilning ushbu davriga nisbatan 23 foizga ko‘proq.
Yuridik shaxslarning valyuta taklifi
Markaziy Bank boshqaruvi raisi yuridik shaxslarning valyuta taklifiga ham to‘xtalib o‘tdi:
«Yuridik shaxlarning valyuta taklifi o‘sishi sur’ati ularning valyutaga bo‘lgan talabi o‘sish sur’atidan yuqoriroq shakllandi. Xususan, yuridik obyektlar tomonidan xorijiy valyutaga talab 24 foizga oshgan bo‘lsa, ular tomonidan valyuta taklifi hajmi 37%ga oshdi»,— dedi Timur Ishmetov.
Jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari
Jismoniy shaxslarning banklar bilan birga amalga oshiriladigan operatsiyalarning ijobiy saldosi ichki valyuta savdosida qo‘shimcha taklif manbayi bo’lib xizmat qildi. Aholining banklarga valyuta sotuvi hajmi unga bo‘lgan talab hajmidan $6,7 mlrdga ortiq bo‘ldi. Bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu vaqtiga qaraganda 1,4 barobarga ko‘pligini kuzatish mumkin.

Asosiy savdo hamkorlari valyuta kursi dinamikasi O‘zbekiston tashqi savdosi uchun qulay shakllandi. Mazkur yilning yanvar-sentabr oylarida Rossiya rubli dollarga nisbatan 27 foizga, Xitoy yuani 2,5 foizga, Xitoy yuani 2,5 foizga mustahkamlangan. Qozog‘iston tengesi esa 4,6 %ga qadrsizlandi.

Bundan tashqari Timur Ishmetov oltin narxining yuqori darajada o‘sishi ham, valyuta tushumlarining yuqori darajaga o‘sishida ham xizmat qilganini aytib o‘tdi.
Almashinuv kursining mustahkamlanishi natijasida iqtisodiyotda milliy valyutaga ishonchni oshirdi. Milliy valyutadagi hisob-kitoblar va so‘mda jamg‘arish ko‘paygani hisobiga milliy valyutaga pul massasi o‘tgan yilning shu davriga mos nisbatan 34 foizga oshdi va 271 trln so‘mga yetdi.
Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari 12 foizgacha sekinlashdi, yil boshida bu ko‘rsatgich 14,5 foiz atrofida bo‘lgan.

Eksport tovarlarning 15 foizi ( $3mlrd atrofida) va import tovarlarining 40 foizi ( $14 mlrd atrofida) almashuv kursi o‘zgarishiga o‘z ta’sirchanligini ko‘rsatdi. Tovarlar importiga almashuv kursi bilan bir qatorda tashqi bozordagi narxlar kondukturasi, ishlab chiqarish samaradorligi, eksport davlatlaridagi ta’rif va nazorat cheklovlari ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Markaziy Bank boshqaruvi raisi Timur Ismetov so‘m kursi fundamental omillar ta’siri va bozor tamoyillari sosida shakllanishi bo‘yicha barcha sharoitlar ko‘rib borilishini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank asosiy stavkani yana 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirgani haqida xabar bergan edi.