
Ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga ko‘ra, bolalar va kattalar uchun qo‘shimcha ta’limning yangi tartibi joriy etildi.
Unga ko‘ra, bolalar uchun qo‘shimcha ta’lim uzluksiz ta’lim tizimining bir qismi sifatida amalga oshiriladi. Uning maqsadi – bolalarning iste’dodi va qobiliyatini rivojlantirish, ma’naviy ehtiyojlarini qondirish. Bunda davlat idoralari, nodavlat tashkilotlar va xususiy kompaniyalar madaniy-estetik, ilmiy, texnik, sport va boshqa yo‘nalishlarda ta’lim tashkilotlarini ochish huquqiga ega bo‘ladi.
Kattalar uchun esa bu tizim qo‘shimcha bilim va ko‘nikmalarni egallash, o‘zini rivojlantirish imkonini beradi. Ularning ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan kurslar va o‘quv dasturlari tashkil etiladi.
Avvalroq Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Oʻzbekiston oʻrta ta’lim tizimida fan, texnologiya, muhandislik va matematika (STEM) fanlarini rivojlantirish maqsadida $100 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qullagani xabar qilingandi. Loyiha Oʻzbekiston yoshlarini zamonaviy innovatsion koʻnikmalar bilan ta’minlashga, mamlakatni 2030-yilga borib daromadi oʻrtachadan yuqori davlatlar qatoriga kiritishga qaratilgan.