
Hukumat qarori bilan dorixonalarda dorilar va tibbiy buyumlar savdosi hamda tibbiy xizmatlarni nazorat qilishda «sirli mijoz» tadbirlarini o‘tkazish tartibi bo‘yicha nizom tasdiqlandi.
Ushbu nizom dorixonalar va tibbiy muassasalarda belgilangan qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida ishlab chiqilgan.
«Sirli mijoz» tadbirining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- dorixona va tibbiyot tashkilotlarida amaldagi tartiblarga rioya etilishini o‘rganish va buzilishlarning oldini olish;
- iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va sohadagi muammolarni aniqlash;
- o‘tkazilgan tadbir natijalari asosida qonuniy talablarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Tadbirni o‘tkazish to‘g‘risida maxsus vakolatli organ tomonidan buyruq chiqariladi. Bunda «sirli mijoz» dorixonaga oddiy xaridor sifatida kirib, dori yoki tibbiy buyum so‘raydi, xodim bilan muloqot qiladi va xizmat ko‘rsatish jarayonini kuzatadi.
Tadbir faqat audio yoki videokuzatuv vositalaridan yashirin foydalanilgan holatda o‘tkazilganda haqiqiy deb hisoblanadi.
Avvalroq O‘zbekistondagi Umra tashkilotchilari endi «sirli mijoz» orqali tekshirilishi xabar qilingandi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, «sirli mijoz» tekshiruvlari davomida xodimlar oddiy mijoz qiyofasida safar tashkilotchilariga murojaat qiladi. Ular litsenziya mavjudligini, safar davomiyligi, narxlar, to‘lov usullari, yashash va transport sharoitlari kabi ma’lumotlarni so‘rab aniqlashadi. Agar zarur bo‘lsa, tekshiruv jarayonida yashirin audio yoki video yozuvlar ham olib boriladi.