
Xitoyda iPhone 17 seriyasi chiqqanidan atigi bir oy o‘tib, 5,3 million dona yangi iPhone sotildi. Bu haqda MyDrivers nashri xabar berdi.
Uchala model ham milliondan oshgan, eng ommabopi esa iPhone 17 Pro Max bo‘lib, u 2,52 million dona bilan yetakchilik qilmoqda. Shundan 800 mingdan ortig‘i so‘nggi bir haftada sotilgan.
Xitoyda 19-oktabr holatiga ko‘ra iPhone 17 sotuvlari:
- iPhone 17 Pro Max – 2,52 mln;
- iPhone 17 Pro – 1,676 mln;
- iPhone 17 – 1,1 mln.
iPhone 17 Pro Max eng ko‘p sotilayotgan model bo‘lib, u alyuminiy qotishmasidan yasalgan korpus, yangi to‘q sariq rang va o‘ta mustahkam shishadan yasalgan. Qurilma MagSafe texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Yangi iPhone 17 Pro seriyasi Apple A19 Pro protsessori bilan ishlaydi va yaxshilangan sovitish tizimiga ega. Shuningdek, unda uchta 48 megapikselli kamera mavjud bo‘lib, yangilangan teleobyektiv ham o‘rnatilgan.
Avvalroq Apple aksiyalari iPhone 17 sotuvi sababli o‘sgani xabar qilingandi. 20-oktabr kuni kompaniya aksiyalari narxi 6,35 foizga oshib, $264,22 darajasiga yetdi. Narxning keskin oshishiga iPhone 17 modelining kuchli sotuvi sabab bo‘lgan. Counterpoint Research ma’lumotiga ko‘ra, yangi iPhone AQSh va Xitoy bozorlarida taqdim etilganidan keyingi dastlabki 10 kun ichida iPhone 16 ga nisbatan 14 foiz ko‘proq sotilgan.