O‘zbekiston va BMT o‘rtasida 2030-yilgacha hamkorlik dasturi imzolandi

O‘zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) o‘rtasida 2026 – 2030 yillarga mo‘ljallangan barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikning yangi dasturi imzolandi. Marosim Toshkent shahridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur dastur aholining hayot sifatini yaxshilash, tengsizlikni kamaytirish va barcha uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. Uni amalga oshirishda BMTning 25 ta agentligi, jamg‘armasi va dasturi ishtirok etadi. Ular mamlakatning rivojlanish maqsadlariga erishishiga ko‘maklashadi.
Hamkorlik quyidagi olti asosiy yo‘nalishni qamrab oladi:
- samarali boshqaruv va odil sudlov;
- munosib mehnat va ijtimoiy himoya;
- sog‘liqni saqlash va farovonlik;
- barcha uchun ta’lim;
- iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilish;
- Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish.
Alohida e’tibor Orolbo‘yiga qaratilgan. Dastur bu hududda ish o‘rinlari yaratish, ta’lim sifatini oshirish va aholiga toza ichimlik suvi bilan ta’minlash tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Avvalroq Ziroat Mirziyoyeva BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi yuqori darajali haftaligi doirasidagi forumida bolalar saratoni muammosini ko‘targani xabar qilingandi. O‘z nutqida Mirziyoyeva dunyoda ikki milliarddan ortiq bolalar yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalingani yoki ularga duch kelish xavfi ostida ekani, millionlab bolalar esa onkologiya bilan kurashayotganini qayd etdi. U rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar o‘rtasidagi yashab qolish darajasidagi tafovut «keskin va qabul qilib bo‘lmas darajada katta» ekanini ta’kidladi.