Prezident ichki ishlar xodimlarini bayram bilan tabrikladi

eʼlon qilindi
25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan
Prezident ichki ishlar xodimlarini bayram bilan tabrikladi
Prezident ichki ishlar xodimlarini bayram bilan tabrikladi. Rasm: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan tizim xodimlari, ofitserlar, generallar, serjantlar va faxriylarga samimiy tabrik yo‘lladi.

Davlat rahbari ichki ishlar organlarining yurt tinchligi, xalq farovonligi va xavfsizligini ta’minlashdagi xizmatlarini yuqori baholab, so‘nggi yillarda tizimda amalga oshirilgan islohotlar natijasida ichki ishlar organlari chinakam xalqchil tuzilmaga aylanganini ta’kidladi.

Prezident 2025-yilda jinoyatlarning oldini olish va mahallalarda xavfsiz muhit yaratish eng ustuvor vazifa qilib belgilanganini qayd etdi. Shu maqsadda og‘ir vaziyatdagi mahallalarda huquq-tartibot maskanlari tashkil etilgani, «mahalla yettiligi» tizimi samarali ishlayotgani aytib o‘tildi.

Shuningdek, sohada raqamli texnologiyalar keng joriy qilinayotgani, «Xavfsiz shahar» platformasi ishga tushirilgani va kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda zamonaviy yondashuvlar tatbiq etilayotgani haqida so‘z bordi.

Prezident giyohvandlikka qarshi kurashni kuchaytirish, ayniqsa, yoshlar va voyaga yetmaganlarni bu illatdan asrash zarurligini ta’kidladi.

«Butun jahonda giyohvandlik balosi, asosan, voyaga yetmaganlar va yoshlarni o‘z domiga tortayotgani hammamizni ogohlikka undashi zarur. Ushbu illatdan milliy genofondimizni asrash maqsadida uyushgan narkojinoyatchilikka butunlay chek qo‘yish borasidagi harakatlarimizni yangi bosqichga olib chiqishimiz, tezkor-profilaktik va tergov faoliyatini manzilli tashkil etishimiz kerak», – deyiladi tabrikda.

Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar tizimi xodimlarini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlash hamda malakali kadrlar tayyorlash doimo e’tibor markazida bo‘lishini bildirdi.

Davlat rahbari el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan xodimlar xotirasini hurmat bilan yodga olib, ularning oilalariga samimiy tilaklar yo‘lladi. Shuningdek, barcha ichki ishlar xodimlarini bayram bilan yana bir bor tabriklab, ularga sog‘lik, tinchlik va ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident bir guruh ichki ishlar xodimlarini mukofotlagani xabar qilingandi.

Shuningdek