Samarqand, Surxondaryo va Xorazmda 11 kilogrammdan ortiq giyohvandlik moddalari musodara qilindi

Samarqand, Surxondaryo va Xorazmda 11 kilogrammdan ortiq giyohvandlik moddalari musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar berdi.
Unga ko‘ra, Samarqand viloyatining Urgut tumanida 1998-yilda tug‘ilgan shaxs Tojikistondan 8,9 kg «opiy» moddasini noqonuniy olib kirishga uringan. U DXX chegara qo‘shinlarining to‘xtash haqidagi talabiga bo‘ysunmay qochgan, biroq tezkor chora-tadbirlar natijasida qo‘lga olingan. Shuningdek, uning 1966-yilda tug‘ilgan sherigi ham ushlangan.
Boshqa holatda esa Surxondaryo viloyatining Denov tumanida ilgari giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxs yonidan 31 gramm «opiy» topilgan. Tekshiruvda u bu moddalarni 1978-yilda tug‘ilgan boshqa shaxsdan sotib olgani aniqlangan. Ushbu shaxsning uyidan yana 1,5 kg «opiy» topilib, ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shunday yana bir holat Xorazmda aniqlangan. Viloyatining Gurlan tumanida 1952-yilda tug‘ilgan, ilgari ikki marta sudlangan shaxs 877 gramm «gashish»ni $14 mingga sotayotgan paytda qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, bu modda Tojikistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.
Hozirda barcha gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularning har biriga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Avvalroq «Toshkent – Andijon» yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomobilda ketayotgan Qirg‘iziston fuqarosining yonidan 4,9 kg gashish moddasi topilgandi. Keyinchalik o‘tkazilgan qo‘shimcha tadbir chog‘ida Buxoro tumanidagi dala hududidan yana 45 kg gashish moddasi aniqlanib, jami taxminan 50 kg giyohvandlik vositasi musodara qilindi.