Yangiliklar

Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni soxta hujjatlar bo‘yicha ogohlantirdi

Telegramdagi ayrim guruh va kanallarda soxta hujjatlar tayyorlab berish xizmatlari haqida e’lonlar keng tarqalyapti
migrant
Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni soxta hujjatlar bo‘yicha ogohlantirdi. Foto: RIA Novosti / Yevgeniy Yepanchinsev

Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada joylashgan konsullik muassasalari faoliyati davomida ayrim o‘zbekistonliklar tomonidan qalbaki hujjatlar taqdim etish holatlari aniqlanayotganini ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, Telegramdagi ayrim guruh va kanallarda soxta hujjatlar tayyorlab berish xizmatlari haqida e’lonlar keng tarqalyapti. Shu kabi jinoiy faoliyatlar oqibatida ayrim fuqarolar qalbaki hujjatlardan foydalanib, muammolarga duch kelgan. Bulardan biri sifatida o‘zbekistonlik fuqaro «Vatanga qaytish guvohnomasi»ni rasmiylashtirgan, ammo O‘zbekistonga qaytish jarayonida hujjat qalbaki ekani fosh bo‘lgan. Shuningdek, yana bitta holatda qalbaki nikoh asosida «tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma» olingani ma’lum bo‘ldi.

Vazirlik fuqarolarga ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan «hujjat tayyorlab berish» haqidagi e’lonlarga ishonmaslikni qat’iy tavsiya qildi. Rasmiy hujjatlar faqat O‘zbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlari orqali rasmiylashtirilishi kerakligi eslatildi.

Avvalroq Moskva iqtisodiy o‘sishining asosiy manbalaridan biri muhojirlar ekani haqida xabar berilgandi. Oliy iqtisodiyot maktabi hisob-kitoblariga ko‘ra, migrantlarning Moskva iqtisodiyotiga qo‘shadigan hissasi har yili Ichki mintaqaviy mahsulotning (YaMM) 23 – 25 foiziga yetadi.