
Apple va Samsung’ning yupqa smartfonlari — iPhone Air va Galaxy S25 Edge — kutilganidek sotilmagan bo‘lsa-da, xitoylik ishlab chiqaruvchilar bu yo‘nalishni davom ettirmoqda. Gizmochina xabariga ko‘ra, ayni paytda besh xitoy kompaniyasi shunday yupqa smartfonlar ustida ishlamoqda.
Ularning hammasi bozorda paydo bo‘ladimi, hozircha noma’lum. Masalan, Xiaomi o‘z modelini Xiaomi 17 Air deb atashi mumkin. Unga 6,6 dyuymli ekran, 200 megapiksellik kamera va eSIM texnologiyasi berilishi taxmin qilinmoqda.
Qolgan kompaniyalar nomi aytilmagan, ammo bu ro‘yxatga Vivo, Oppo, Realme va OnePlus kirishi ehtimolga yaqin. Hatto Samsung va Apple’ning muvaffaqiyatsiz tajribasiga qaramay, bu kompaniyalar loyihani davom ettirib, o‘z modellarini chiqarishi mumkin.
Bundan tashqari, ushbu ishlab chiqaruvchilarning aksariyati allaqachon kremniy-uglerodli akkumulyatorlardan foydalanmoqda. Shu sababli ular 5000 mA/soat sig‘imli yoki undan yuqori batareyaga ega juda yupqa smartfon yaratish imkoniyatiga ega.
Avvalroq Apple’ning yangi iPhone Air modeli kutilganidek savdo ko‘rsatkichlariga erishmagani sabab, kompaniya ushbu model ishlab chiqarilishini «radikal tarzda» qisqartirishi xabar qilingandi. Shu bilan birga, Apple boshqa iPhone modellarini ishlab chiqarishni, aksincha, ko‘paytirmoqda. Rasmiy raqamlar keltirilmagan bo‘lsa-da, Counterpoint tahliliga ko‘ra, AQSh va Xitoy bozorlarida iPhone Air sotuvlarning atigi 3 foizini tashkil qilgan. Shu bilan birga, Xitoyda hali savdolar boshlanmagani inobatga olinmoqda.