Yevropa Ittifoqi bilan JSTga a’zolik bo‘yicha muzokaralar, Rossiyadagi o‘zbekistonliklarga ogohlantirish — 25-oktabrning muhim hodisalari

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan JSTga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni yakunladi, TIV Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni soxta hujjatlar bo‘yicha ogohlantirdi — 25-oktabrning muhim hodisalari Kursiv Uzbekistan materialida.
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi bilan JSTga a’zolik bo‘yicha muzokaralarni yakunladi

Shavkat Mirziyoyevning Belgiya poytaxti Bryusselga rasmiy tashrifi davomida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Yevropa Ittifoqi bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni soxta hujjatlar bo‘yicha ogohlantirdi

Tashqi ishlar vazirligi Rossiyada joylashgan konsullik muassasalari faoliyati davomida ayrim o‘zbekistonliklar tomonidan qalbaki hujjatlar taqdim etish holatlari aniqlanayotganini ma’lum qildi. Vazirlik fuqarolarga ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan «hujjat tayyorlab berish» haqidagi e’lonlarga ishonmaslikni qat’iy tavsiya qildi. Rasmiy hujjatlar faqat O‘zbekiston Respublikasining vakolatli davlat organlari orqali rasmiylashtirilishi kerakligi eslatildi.
Hokimliklar uchun yangi ma’muriy binolar qurilishi 2026-yil oxirigacha yakunlanadi

Hukumat qaroriga muvofiq, 2025 – 2026-yillarda ayrim tuman va shaharlarda mahalliy boshqaruv organlari uchun yangi ma’muriy binolar quriladi. Yangi binolar foydalanishga topshirilgach, ularning 1 va 2-qavatlari savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati uchun «E-auksion» platformasi orqali ijaraga beriladi.
iPhone 17 seriyasi Xitoyda bir oy ichida 5,3 million dona sotildi

Xitoyda iPhone 17 seriyasi chiqqanidan atigi bir oy o‘tib, 5,3 million dona yangi iPhone sotildi. Uchala model ham milliondan oshgan, eng ommabopi esa iPhone 17 Pro Max bo‘lib, u 2,52 million dona bilan yetakchilik qilmoqda. Shundan 800 mingdan ortig‘i so‘nggi bir haftada sotilgan.
Dorixona va tibbiy xizmatlarda «sirli mijoz» tekshiruvlari joriy etiladi

Tadbirni o‘tkazish to‘g‘risida maxsus vakolatli organ tomonidan buyruq chiqariladi. Bunda «sirli mijoz» dorixonaga oddiy xaridor sifatida kirib, dori yoki tibbiy buyum so‘raydi, xodim bilan muloqot qiladi va xizmat ko‘rsatish jarayonini kuzatadi. Tadbir faqat audio yoki videokuzatuv vositalaridan yashirin foydalanilgan holatda o‘tkazilganda haqiqiy deb hisoblanadi.
O‘zbekiston va BMT o‘rtasida 2030-yilgacha hamkorlik dasturi imzolandi

Mazkur dastur aholining hayot sifatini yaxshilash, tengsizlikni kamaytirish va barcha uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. Uni amalga oshirishda BMTning 25 ta agentligi, jamg‘armasi va dasturi ishtirok etadi. Ular mamlakatning rivojlanish maqsadlariga erishishiga ko‘maklashadi.
Toshkentda yo‘l qoplamalarini yangilash sanalari e’lon qilindi

Toshkent shahar hokimligi poytaxtda qish mavsumi va yog‘ingarchilik davrlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida yo‘llarda asfalt-beton qoplamasini yangilash jadvalini e’lon qildi. Xabarga ko‘ra, ishlar davomida harakat to‘xtatilmaydi.
Prezident ichki ishlar xodimlarini bayram bilan tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan tizim xodimlari, ofitserlar, generallar, serjantlar va faxriylarga samimiy tabrik yo‘lladi.
Hafta davomida dollar qanchaga oshdi

AQSh valyutasi hafta davomida turlicha o‘zgarishlarni ko‘rsatdi. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida hafta davomida dollar kursining o‘zgarishi haqida so‘z boradi.
Bundan oldin 24-oktabrning eng muhim yangiliklari e’lon qilingandi.