Yangiliklar

AQSh va Malayziya Tailand – Kambodja o‘rtasidagi sulhni kengaytirish ustida ishlamoqda

260 mingdan ortiq aholi esa evakuatsiya qilingan edi
Tailand Kombodja
Foto: Reuters

AQSh va Malayziya Tailand hamda Kambodja o‘rtasida tuzilgan sulh kelishuvini kengaytirish bo‘yicha muzokaralarni faol davom ettirmoqda. Bu haqda Malayziya tashqi ishlar vaziri Mohamad Hasan ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Associated Press.

Malayziya tomonining umid bildirishicha, yangilangan kelishuv bu oy oxirida bo‘lib o‘tadigan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) sammitida imzolanishi mumkin.

Iyul oyi oxirida Tailand va Kambodja chegarasida besh kun davom etgan qurolli to‘qnashuvlarda o‘nlab odamlar halok bo‘lgan. 260 mingdan ortiq aholi esa evakuatsiya qilingan edi. Urush harakatlarini to‘xtatish Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim vositachiligida va AQSh prezidenti Donald Tramp bosimi ostida amalga oshgan. Tramp Bangkok va Phnompenhni savdo imtiyozlaridan mahrum qilish bilan ogohlantirgandi.

Biroq sulhga qaramay, mintaqadagi vaziyat hanuz tarangligicha qolmoqda. Avgust oyida Tailand askarlari chegaradagi neytral hududda minalarga duch kelib jarohat olgan. Bangkok hukumati Kambodjani yangi minalar joylashtirishda ayblagan, biroq Phnompenh bu da’volarni qat’iyan rad etgan.

Tailand bosh vaziri Anutin Charnvirakul Kambodja bilan tinchlikni saqlash uchun to‘rtta shartni ilgari surgan:

  • chegaradan og‘ir qurollarni olib chiqish;
  • minalashtirilgan hududlarni tozalash;
  • chegaradosh hududlarda jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish;
  • mojarolarning oldini olish uchun nozik chegaraviy zonalarni qo‘shma boshqaruvga olish.

Diplomatik manbalarga ko‘ra, AQSh va Malayziya ushbu shartlarni o‘z ichiga olgan yangilangan sulh bitimi loyihasini tayyorlamoqda. U ASEAN sammitida Tailand va Kambodja rahbarlari tomonidan imzolanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tramp va Si Szinpin 30-oktabr kuni Janubiy Koreyada uchrashishi haqida yozgan edi.