Avto

Chery Exeed Exlantix ET5 avtomobili sotuvga chiqdi

Chery
Foto: Sohu

Chery kompaniyasining Exeed brendi tomonidan ishlab chiqilgan Chery Exlantix ET5 modeli Xitoydagi dilerlik markazlariga yetkazildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Avtomobilning rasmiy taqdimoti 2025-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Guanchjou avtosalonida o‘tkazilishi kutilmoqda.

Exlantix ET5 – oila uchun mo‘ljallangan o‘rta o‘lchamdagi SUV bo‘lib, ilgari E05 nomi bilan tanilgan. Model Chery’ning E0X platformasida qurilgan va 1,3 ming km masofani bosib o‘tish imkoniyatiga ega.

Foto: Sohu

Avtomobil 1,5 litrli turbo dvigatelga ega bo‘lib, u generator sifatida ishlaydi (115 kVt). Asosiy harakatni esa 195 kVt quvvatli orqa elektr motor ta’minlaydi. 32,66 kVt/soatlik LFP batareya to‘liq elektr rejimida 205 km yurish imkonini beradi.

Model Falcon 700 haydovchi yordam tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, u Horizon Robotics HSD+ Journey 6P platformasida ishlaydi.

Foto: Sohu

Exlantix ET5 o‘lchamlari: uzunligi 4780 mm, eni 1890 mm, balandligi 1725 mm, g‘ildirak bazasi esa 2800 mm. Old qismi yopiq radiator panjarasi, chig‘anoq shaklidagi faralar, uchta gorizontal chiziqli LED yoritgichlar va ikki qatlamli trapeziya shaklidagi panjara bilan ajralib turadi. Tomda LiDAR sensori va 12 ta radar mavjud.

Foto: Sohu

Salonda uchta ekranli tizim o‘rnatilgan. 15,6 dyuymli markaziy ekran, 10,25 dyuymli asboblar paneli va 12,3 dyuymli yo‘lovchi displeyi. Multimedia tizimi Qualcomm Snapdragon 8255 protsessori asosida ishlaydi va iFlytek hamda DeepSeek AI ovozli boshqaruv tizimlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ichki bezakda och rangli charm va yog‘och materiallar ishlatilgan. Old o‘rindiqlar elektr sozlanadi, isitish, shamollatish va massaj funksiyalariga ega.

Qo‘shimcha qulayliklar qatorida panoramali lyuk, 21 karnayli audio tizim, orqa konditsioner ventilyatsiyasi, elektr soyabonli shift, va elektron yukxona eshigi mavjud.

Yangi Exeed Exlantix ET5 bozorda BYD Song L DM-i, Sealion 06 DM-i va Leapmotor C11 modellari bilan raqobatlashadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery Fulwin T11 avtomobili haqida yozgan edi.