China Energy Qozog‘istonda $1 mlrd qiymatidagi ikkita elektr stansiyasi quradi

Xitoyning China Energy kompaniyasi Qozog‘istonda umumiy qiymati $1 mlrd bo‘lgan ikki yirik qayta tiklanuvchi energiya loyihasini amalga oshiradi. Bu kelishuv Qozog‘iston energetika vaziri Erlan Akkenjenov va China Energy prezidenti Qiao Xubin o‘rtasidagi uchrashuvda imzolandi.
Loyihalar doirasida Turkiston viloyatida 300 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi hamda Qarag‘anda viloyatida 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi quriladi. Ushbu inshootlar Qozog‘istonning qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish salohiyatini sezilarli darajada oshirishi kutilmoqda.
Shuningdek, tomonlar Kazakhtelecom bilan hamkorlikda ma’lumotlarni qayta ishlash markazi (DPC) qurish masalasini ham muhokama qildi. Ushbu markaz to‘liq qayta tiklanuvchi manbalardan quvvat oladi va Qozog‘istonning yashil iqtisodiyot hamda raqamli rivojlanish strategiyasi doirasida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri «O‘zatom» delegatsiyasi Italiyada yirik energiya turbinalari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishgani haqida yozgan edi.