
OnePlus 15 smartfoni taqdimotiga ikki kun qolganda uning to‘liq texnik ma’lumotlari oshkor bo‘ldi. ITHome nashri ma’lumotiga ko‘ra, yangi flagman 27-oktabr kuni rasman namoyish etiladi.
Model BOE X3 ekraniga ega bo‘lib, uning diagonali 6,78 dyuymni, ruxsati esa 1,5K ni tashkil etadi. Ekran yangilanish tezligi 165 Hz, ramkasi esa atigi 1,15 mm bo‘ladi. Displey tekis shaklda ishlab chiqilgan.
Smartfonning old kamerasi 32 MP bo‘lib, asosiy kamerasi uch modulli. Ularning har biri 50 MP o‘lchamida. Periskop linzasi 85 mm masofali bo‘lib, 3,5 barobargacha optik zumni ta’minlaydi.
Batareya sig‘imi 7300 mA/soat, simli zaryadlash quvvati 120 Vt, simsiz zaryadlash esa 50 Vt bo‘ladi. Qurilmada simmetrik dinamiklar, ultratovushli barmoq izi skaneri, kuchli vibratsiya dvigateli va USB 3.2 Gen 1 porti mavjud.
Smartfon qalinligi 8,18 mm, og‘irligi esa 211 grammni tashkil etadi. OnePlus 15 o‘z segmentidagi eng yengil va quvvatli flagmanlardan biri sifatida taqdim etilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri OnePlus Ace 6 smartfonining texnik jihatlari oshkor bo‘lgani haqida yozgan edi.