
Toshkent viloyatida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida katta miqdordagi valyuta Tojikistonga noqonuniy olib chiqilishining oldi olindi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, Bekobod shahrida yashovchi 1991-yilda tug‘ilgan fuqaro 18,68 mln rubl, 140,7 ming tojik somoni va 180 mln so‘mni qismlarga bo‘lib, 34 nafar tashuvchilar orqali qo‘shni davlatga o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Ular moddiy manfaat evaziga «Farhod» chegara bojxona postidan o‘tishga uringan paytda to‘xtatib qolingan.
Shuningdek, tezkor tadbir chog‘ida bekobodlik fuqaroning «Tracker» rusumli avtomobili ko‘zdan kechirilganda, mashinada 13,5 mln rubl, 24 ming tojik somoni, 885 yevro, 300 dollar, 300 yuan, 6840 qirg‘iz so‘mi va 10,2 mln so‘m aniqlanib, daliliy ashyolar sifatida rasmiylashtirilgan.
Aniqlangan valyuta mablag‘larining umumiy qiymati 5 mlrd 200 mln so‘mdan ortiqni tashkil etadi.
Hozirda fuqaro ustidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan ish qo‘zg‘atilib, u hibsga olingan. Tergov davomida valyuta mablag‘larining haqiqiy egalari aniqlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samarqand, Surxondaryo va Xorazmda 11 kilogrammdan ortiq giyohvandlik moddalari musodara qilingani haqida yozgan edi.