2026-yilda samarasi past bo‘lgan subsidiya va imtiyozlar bekor qilinadi — prezident

eʼlon qilindi
2026-yilda barcha darajadagi rahbarlar uchun eng muhim vazifa — xarajatlarni kamaytirish va ish samaradorligini oshirish bo‘ladi
subsidiya
Kelgusi yilda subsidiya va imtiyozlarning natijadorligini tahlil qilinadi. Foto: Jupiter money

Kelgusi yilda subsidiya va imtiyozlarning natijadorligi tahlil qilinib, samarasi past bo‘lganlari bekor qilinadi. Bu haqda bugun, 27-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2026-yil uchun iqtisodiy rejalarning asosiy yo‘nalishlari tanqidiy ruhda muhokama qilindi. Mutasaddilar kelgusi yilda iqtisodiy o‘sishni 6,6 foiz darajada ta’minlab, yalpi ichki mahsulot hajmini $150 milliarddan oshirish, iqtisodiyotga kamida 400 trillion so‘m yo‘naltirish va inflyatsiyani 7 foizdan oshirmaslik prognoz qilingani yuzasidan axborot berdi.

Shuningdek, 2026-yilgi budjet loyihasida asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolayotgan sharoitda budjet daromadlarini izchillik bilan oshirib borish, shu bilan birga, xarajatlar qismining samarali sarflanishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish shartligi qayd etildi.

Prezidentning ta’kidlashicha, 2026-yilda barcha darajadagi rahbarlar uchun eng muhim vazifa — xarajatlarni kamaytirish va ish samaradorligini oshirish bo‘ladi. Bu borada quyidagi yo‘nalishlarda aniq topshiriqlar berildi:

  • strategik tarmoqlarda mahsulot tannarxini pasaytirish va raqobatbardoshlikni oshirish;
  • xususiy sektor faoliyatini kengaytirish;
  • davlat korxonalarida dividend siyosatini tartibga solish;
  • subsidiya va imtiyozlarning samaradorligini qayta ko‘rib chiqish, foydasi past bo‘lganlarini bekor qilish;
  • yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish hamda mahalliy budjet daromadlarini oshirish.

Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari bilan amalga oshirilayotgan loyihalarni tezlashtirish, yangi loyihalarni esa faqat mavjudlarini yakunlagandan so‘ng boshlash zarurligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, budjetdan tashqari jamg‘armalardagi mablag‘larning yarmi maktablar qurilishi va tibbiyot sohasiga yo‘naltirilishi qayd etildi.

Avvalroq O‘zbekiston iqtisodiyoti to‘qqiz oyda 7,6 foizga o‘sgani xabar qilingandi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagi 6,6 foizlik natijadan yuqori bo‘lib, o‘sish asosan iste’mol bozori faolligi va qurilish sohasining kengayishi hisobiga ta’minlandi.

Shuningdek