
2026-yil 1-yanvardan boshlab moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasida «A1» kichik toifasi joriy etiladi.
Endilikda bu turdagi transport vositalarini boshqarishni istagan fuqarolar o‘quv kurslarida – onlayn yoki oflayn shaklda o‘qishlari yoki mustaqil tayyorgarlik ko‘rishlari mumkin. Nazariy imtihonda 20 ta savol beriladi va ulardan kamida 16 tasiga to‘g‘ri javob bergan talabgorlar amaliy imtihonga qo‘yiladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-apreldan boshlab yo‘l harakati qoidabuzarliklarini foto va video qayd etish tizimlari orqali aniqlashda ham jarima ballari hisoblanadi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-fevraldan «A» va «B» toifali haydovchilik guvohnomasini olish uchun fuqarolar o‘quv dasturining nazariy qismini mustaqil o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Shu bilan avtomaktablarda o‘qish bu bosqichda majburiy bo‘lmaydi.
Yangi tartibga ko‘ra, «A», «B», «C» va «D» toifali haydovchilik guvohnomasi egalariga «A1» toifadagi moped va skuterlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri boshqarish huquqi beriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-oktabrgacha moped va skuter haydovchilari guvohnoma olishlari shartligi haqida xabar bergan edi.