92 yoshli Pol Biya sakkizinchi marotaba Kamerun prezidenti etib saylandi

Kamerun prezidenti Pol Biya sakkizinchi muddatga qayta saylandi. Bu esa unga deyarli 100 yoshgacha hokimiyatda qolish imkonini beradi, deya xabar bermoqda CNN agentligi.
92 yoshli Biya 1982-yilda prezident lavozimini egallagan va shundan beri hokimiyatni mustahkam qo‘lida ushlab kelmoqda. U 2008-yilda prezidentlik muddatiga qo‘yilgan cheklovni bekor qilgan va har bir saylovda katta ustunlik bilan g‘alaba qozongan.
Bu yilgi saylovda uning eng kuchli raqibi 70 yoshlarning oxiridagi Issa Chiroma Bakari bo‘ldi. U ilgari hukumat matbuot kotibi va bandlik vaziri lavozimlarida ishlagan, ammo bu yil Biya bilan kelishmovchilikka borib, muxolifat partiyalari va fuqarolik guruhlari koalitsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan keng ko‘lamli kampaniyani boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Irlandiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida mustaqil nomzod Ketlin Konnolli ishonchli g‘alabaga erishgani haqida yozgan edik.