Buick Electra L7 avtomobili sinovda raqobatchilarni ortda qoldirdi

27-oktabr 2025 14:14 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
avtomobil
Buick Electra L7 avtomobili / Foto: D1EV

Yaqinda taqdim etilgan Buick Electra L7 avtomobili ADAS (Navigate On Autopilot) sinovida raqobatchilarni ortda qoldirdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Sinov 26-oktabr kuni o‘tkazilgan. U «Xitoyning ikkinchi aqlli haydovchi tizimlar tanlovi» deb nomlandi. Unda shahar sharoitidagi avtopilot tizimlari 29 kilometrli yo‘nalishda sinovdan o‘tkazildi. Yo‘l davomida 28 ta svetofor, 5 ta nazorat nuqtasi va 8 ta maxsus sinov joyi mavjud edi.

Foto: D1EV

Umumiy hisobda 17 ta elektromobil ishtirok etgan. Ular orasida Aito M5, Avatr 07, Denza N7, Nio ES6, Li Auto L9, Xpeng G6, Zeekr 9X, Xiaomi YU7 va Tesla Model 3 kabi mashinalar bor edi.

Yo‘nalish oldindan e’lon qilinmagan bo‘lib, kompaniyalar mashinalarini maxsus tayyorlay olmasligi uchun barcha sharoitlar sir tutilgan. Sinov davomida tor yo‘laklar, aylanma chorrahalar, ko‘r joydagi burilishlar, sun’iy to‘siqlar, U-burilishlar va qishloq yo‘llari kiritilgan.

Foto: D1EV

D1EV ma’lumotlariga ko‘ra, tor yo‘llarda faqat uchta avtomobil – Wey 07, Xiaomi YU7 va Xpeng G6 – haydovchidan boshqaruvni qo‘lga olishni so‘ragan. Aylanma chorrahada barcha avtomobillar vazifani muvaffaqiyatli bajargan, ammo «ko‘r burilish» sinovida Nio ES6 va Xpeng G6 haydovchi aralashuvisiz davom eta olmagan.

Buick Electra L7 elektromobili birinchi o‘rinni egalladi. Modelning boshlang‘ich narxi 173 900 yuan (taxminan $24,4 ming) bo‘lib, u Momenta R6 Flywheel Big Model tizimini birinchi bo‘lib qo‘llagan. Ushbu tizim 3 milliard kilometr haqiqiy yo‘l ma’lumotlari asosida ishlab chiqilgan.

Foto: D1EV

Ikkinchi o‘rinni BYD Yangwang U7 ($88 ming) egalladi, uchinchi o‘rin esa Geely Zeekr 9X ($65,9 ming) modeliga nasib etdi. Exeed Exlantix ES va Xiaomi YU7 avtomobillari esa kuchli beshlikka kirdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 13 ming dollarlik BYD K-Car qanday xususiyatlarga egaligi haqida yozgan edi.

Shuningdek