
Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasi atrofida 174 tup daraxt va buta kesilgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Vazirlik inspektorlari holat yuzasidan bayonnomalar tuzib, 1,5 mlrd so‘mga yaqin zarar hisobladi.




Ma’lumotlarga ko‘ra, holat bo‘yicha to‘plangan barcha hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rilishini ta’minlash uchun prokuratura organlariga yuborilgan.
Avvalroq Toshkent shahar hokimligi ham Bobur ko‘chasidagi archalarning kesilgani bilan bog‘liq holatga izoh bergandi.
Unga ko‘ra, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari doirasida 83 tup piramidasimon gujum daraxti va 62 mingdan ortiq manzarali butalar ekish rejalashtirilgan. Shu jarayonda avval o‘sib turgan o‘simliklarga nisbatan e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgan. Hokimlik mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani va uning natijalariga ko‘ra tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.