Sport

Shomurodov to‘purarlar poygasiga qo‘shildi

O‘zbekistonlik hujumchi Turkiyada porlamoqda
Foto: «Istanbul Bashakshehir»

Joriy mavsumni «Istanbul Bashakshehir» safida o‘tkazayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov joriy mavsumni yuqori saviyada o‘tkazmoqda.

Turkiya Superligasining 10-turida «Alaniyaspor» o‘z maydonida «Istanbul Bashakshehir»ni qabul qildi. Uchrashuvda mehmonlar 0:4 hisobida yirik g‘alabaga erishdi. Eldor ushbu bahsda ikkita gol urib, jamoasining g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi. U 22 va 88-daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol qildi va WhoScored portali tomonidan 8,6 ball bilan baholandi.

To‘purarlar ro‘yxatida hozircha 7 gol bilan «Trabzonspor» hujumchisi Pol Onuachu yetakchilik qilmoqda. 6 tadan gol bilan esa «Galatasaray» yulduzi Mauro Ikardi va Eldor Shomurodov ikkinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi.

Eslatib o‘tamiz, Istanbul klubi yozda Shomurodovni «Roma»dan 5,7 mlnga sotib olish huquqi bilan ijaraga olgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan miliiy terma jamoamiz Misrga qarshi o‘ynashi haqida xabar bergan edi.