Yangiliklar

Geologiya sohasida sun’iy intellekt joriy etiladi

AQShning Kolorado konchilik maktabi bilan Kompetensiyalar markazi ham ochiladi
Geologiya sohasida sun’iy intellekt joriy etiladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev geologiya tizimini rivojlantirish va sohada ilg‘or xalqaro tajribani joriy etish masalalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yig‘ilishda qazilma boyliklar resurs bazasini kengaytirish, mineral xomashyoni chuqur qayta ishlash hamda zamonaviy ilmiy va texnologik yondashuvlarni tatbiq etish dolzarb vazifalardan biri ekaniga e’tibor qaratildi.

Mutaxassislar sun’iy intellekt yordamida yangi konlarni aniqlash, geofizik tadqiqotlarni kengaytirish va raqamli texnologiyalarni qo‘llash imkoniyatlarini taqdim etdilar. Xususan, AQShning Kolorado konchilik maktabi bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot va amaliy ishlanmalarni birlashtiruvchi Kompetensiyalar markazini tashkil etish loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Markaz raqamli yechimlar, aerogeofizik texnologiyalar va geokimyoviy tadqiqotlar orqali istiqbolli konlarni aniqlash jarayonini tezlashtiradi. Prezident loyihani ma’qullab, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi.