
Huawei Mate 80 seriyasida butun lineykada 3D yuzni aniqlash texnologiyasini joriy etishi kutilmoqda. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
Texnobloger Siaonlo Jian yilning flagman smartfoni uchun 3D yuzni tanish tizimi to‘liq mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan ta’minlanayotganini ma’lum qilgan. Modul, transmitter va sensorlar Xitoyning yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqiladi. Ularning buyurtma hajmi ham juda katta. Bu texnologiya Mate 80 seriyasining barcha modellari uchun mo‘ljallanganini ko‘rsatadi.

Blogerning yozishicha, Huawei Mate 80 seriyasi noyabr oyida rasman taqdim etiladi. Loyiha ichida ikki asosiy model — standart versiya (Voyager) va Pro versiya (Sagittarius) sinovdan o‘tkazilmoqda. Ular orasidagi asosiy farq zaryadlash quvvatida: standart model 66 Vt simli zaryadlashni, Pro modeli esa 100 Vt quvvatdagi tez zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Dizayn jihatidan, Huawei Mate 80 orqa panelida markazda joylashgan katta dumaloq kamera moduli bilan ajralib turadi. Linzaning yuqori chap burchagida ikki rangli haroratga ega chiziqsimon chaqmoq, yuqori o‘ng qismida senzor moduli, markaziy o‘q ostida esa ko‘p spektrli kamera linzasi joylashgan.
Smartfon seriyasi to‘liq milliy texnologiyalar asosida ishlab chiqilishi brendning mustaqil texnologik yo‘lini yana bir bor namoyon etadi. Bu esa Xitoyning yuqori texnologiyalar bozorida import o‘rnini bosuvchi yechimlarga katta turtki beradi.
Shuningdek, manbaga ko‘ra, Huawei yangi seriyasini 28-noyabr kuni Shenchjenda bo‘lib o‘tadigan Hongmeng Starlight Gala tadbirida namoyish qilishi mumkin. Bu CCTV tomonidan o‘tkaziladigan yirik texnologik va madaniy kecha bo‘lib, unda sanoat rahbarlari, muhandislar va ijodkorlar ishtirok etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Huawei Mate 70 Air smartfonining asosiy xususiyatlar oshkor bo‘lgani haqida xabar bergan edi.