Yangiliklar

Luvrda o‘g‘irlangan taqinchoqlar ishi bo‘yicha ikki kishi hibsga olindi

Yirik o‘g‘irlikda bir hafta o‘tib gumonlanuvchilar qo‘lga olindi
Yirik o‘g‘irlikda gumonlanuvchilar qo‘lga olindi
Foto: The Guardian

Fransiya politsiyasi Luvr muzeyidan taxminan 88 mln yevrolik qirollik taqinchoqlarini o‘g‘irlashda gumon qilingan ikki erkakni hibsga oldi. Ulardan biri Sharl de Goll aeroportida, ikkinchisi Parij yaqinidagi Sena-Sen-Deni hududida qo‘lga olingan.

Parij prokuraturasi tasdiqlashicha, Fransiyaning eng yirik o‘g‘irliklaridan biri sodir bo‘lganidan bir hafta o‘tib gumonlanuvchilar qo‘lga olingan. Tergovchilar ularni jinoyat joyida qolgan qo‘lqop, xavfsizlik jileti, elektr asboblar va boshqa izlar orqali aniqlagan. France Inter ma’lumotiga ko‘ra, erkaklar Parij shimolidagi ijtimoiy jihatdan og‘ir ahvoldagi Sena-Sen-Deni hududida yashagan va ilgari ham jinoyat uchun sudlangan.

Ichki ishlar vaziri Loran Nunez tergovchilarga minnatdorlik bildirib, ular tinmay ishlaganini aytdi, biroq tergov sir saqlanishi zarurligini ta’kidladi. Prokuror Lora Bekkua 150 dan ortiq DNK va barmoq izlari laboratoriyada tahlil qilinayotganini, tergov natijalariga optimistik ruhda qaralayotganini bildirdi.

O‘g‘irlik 19-oktabr kuni ertalab soat 9:30 da yuz bergan. To‘rt kishi mebel tashuvchi yuk mashinasida kelib, ishchi ko‘rinishida Luvrning Apollon galereyasiga kirgan va atigi yetti daqiqada tarixiy zargarlik buyumlarini olib qochgan. Ular orasida Napoleon tomonidan turmush o‘rtog‘iga sovg‘a qilingan zargarlik buyumlari ham bo‘lgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan buyumlar qiymati 88 mln yevroga baholangani haqida xabar bergan edi.