Nasiya savdo: avval axloq kodeksi, keyin qonun

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Markaziy bank bo‘lib to‘lash bozorini qanday tartibga solishni rejalashtirmoqda
MB bo‘lib to‘lash bozorini qanday tartibga solishni rejalashtirmoqda / Foto: www.depositphotos.com

O‘zbekistonda «bo‘lib to‘lash» (BNPL — buy now, pay later) xizmatlari bozorini tartibga solish jarayoni birlamchi bosqichga kirdi. Bu haqda Markaziy bank raisi Timur Ishmetov matbuot anjumanida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha bu yo‘nalishda qonunchilik asosida tartibga solishdan avval o‘zini o‘zi boshqarish mexanizmi joriy etiladi.

Axloq kodeksi

«Birlamchi oraliq yechim sifatida biz bozor ishtirokchilari bilan kelishdik – o‘z-o‘zini boshqarish tizimini joriy qilamiz. Fintex assotsiatsiyasi orqali axloq kodeksini birgalikda ishlab chiqdik va muhokamaga qo‘ydik», – dedi Timur Ishmetov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kodeksda bozor ishtirokchilari uchun bir qator talablar belgilangan. Jumladan, ma’lumotlarni oshkora qilish, «foizsiz» degan so‘zni reklamada ishlatmaslik va mahsulot ustiga qo‘yilgan ustamani (APR) aniq ko‘rsatish kabi me’yorlar kiritilgan.

Ochiqlik va ishonch belgisi

Markaziy bank raisi axloq kodeksiga rioya qiluvchi kompaniyalarga «ishonch belgisi» taqdim etilishi rejalashtirilganini ham ma’lum qildi.

«Shu kodeksga rioya qilayotgan ishtirokchilarga ma’lum bir ishonch belgisini beramiz, ularga ishlash bo‘yicha tavsiyalar ham taqdim etamiz. Keyingi bosqichda esa bu sohada haqiqiy qonun ishlab chiqiladi», – dedi u.

Keyingi qadam — qonun

Ishmetovning aytishicha, qonun yaratish jarayoni uzoq vaqt talab etadi, ayniqsa, bu yangi yo‘nalishda. Shu sababli, Markaziy bank hozircha bozorni o‘zini o‘zi tartibga solish asosida nazorat qilishni afzal ko‘rmoqda.

«Bu masalani yil boshida e’lon qilgan edik, birlamchi natijalarga erishdik, endi davom ettiramiz», – dedi u.

Kursiv Uzbekistan avvalroq yozganidek, O‘zbekistonda BNPL xizmatlariga bo‘lgan talab so‘nggi ikki yilda keskin oshgan. Bozorni tartibga solish zarurati iste’molchilarni himoya qilish va «foizsiz to‘lov» reklamalari orqali chalg‘itish holatlarining oldini olish bilan izohlanmoqda.

Shuningdek