O‘zbekiston aholisi uchun «yashil energiya» subsidiyalari joriy etildi

O‘zbekiston fuqarolari endilikda energiya tejamkor isitish tizimlarini o‘rnatish uchun davlat tomonidan ajratiladigan subsidiyalardan foydalana oladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar uylarida energiya tejamkor tizimlar o‘rnatish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini davlat hisobidan qoplash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Nizom quyosh panellari, geliokollektorlar, issiqlik nasoslari hamda boshqa turdagi maishiy isitish moslamalarini o‘rnatish xarajatlarini qisman moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, aholining uylarini energiya auditidan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar ham to‘liq davlat tomonidan moliyalashtiriladi.
Subsidiyalar qanday beriladi
Subsidiyani olish uchun fuqaro avvalo energiya auditidan o‘tishi kerak. Faqat mutaxassis xulosasidan so‘ng energiya tejamkor qurilmalar o‘rnatilishi va davlat yordami ajratilishi mumkin.
To‘lovlar shunday amalga oshiriladiki, fuqaro qurilma yoki uskuna uchun faqat o‘z hissasini to‘laydi, subsidiya miqdoriga to‘g‘ri keluvchi summa esa Energiya samaradorligi milliy agentligi tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib beruvchiga o‘tkaziladi.
Masalan, agar fuqaro quyosh panellari o‘rnatsa, u umumiy narxning 80 foizini to‘laydi, qolgan 20 foizini esa davlat qoplaydi.
Subsidiyaning miqdori
Hukumat qaroriga ko‘ra, subsidiyalar quyidagi tartibda ajratiladi:
- energiya auditini o‘tkazish xarajatlari – 100 foiz miqdorda;
- quyosh panellari, geliokollektorlar va maishiy isitish qurilmalari uchun – 20 foiz miqdorda;
- issiqlik nasoslari uchun – 40 foiz miqdorda.
Shu bilan birga, subsidiyaning umumiy hajmi bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmasligi lozim.
«Yashil kredit» tizimi orqali moliyalashtirish
Agar fuqaro tijorat banki orqali kredit olishni istasa, u energiya auditi o‘tkazish uchun so‘rov yuboradi va shartnoma imzolanadi. Shundan so‘ng, shartnoma bo‘yicha mablag‘lar 100 foiz miqdorda oldindan o‘tkazilib, maxsus elektron platformada vaqtincha band qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yirik korxonalar tomonidan kredit va tashqi qarz olish tartibi belgilangani haqida yozgan edi.