Yangiliklar

Serbiya va Finlyandiya prezidentlari shu haftada O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Ushbu davlat rahbarlari bilan bo‘ladigan uchrashuvlarda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilinadi
Serbiya va Finlyandiya prezidentlari shu haftada O‘zbekistonga tashrif buyuradi
Serbiya va Finlyandiya prezidentlari shu haftada O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich va Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu davlat rahbarlari bilan bo‘ladigan uchrashuvlarda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, hafta davomida Shavkat Mirziyoyev Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi ochilishida ishtirok etadi va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish tashabbuslarini ilgari suradi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, bugun davlat rahbari iqtisodiyotdagi joriy yil natijalari va 2026-yil uchun asosiy ko‘rsatkichlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazadi. Shuningdek, prezident AQSH vakillari Serjio Gor va Kristofer Landauni qabul qiladi.

Avvalroq AQSHning maxsus vakili Serjio Gor hamda Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau Toshkentga yetib kelgani xabar qilingandi. AQSh Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakil Serxio Gor hamda Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau 26 – 30-oktabr kunlari Qozog‘iston va O‘zbekistonda bo‘ladi.