
Odatda ayollar haqida gap ketganda nafislik va go‘zallik kabi sifatlar tilga olinadi. Ammo ular hayotning turli jabhalarida erkaklardan aslo kam emasliklarini isbotlab kelmoqda. Nozik xilqat egasi boʻlishiga qaramay, ular sportda ham muvafaqqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda. Quyida ham sportdagi yutuqlari, ham maftunkorligi bilan maqtana oladigan oʻzbekistonlik sport malikalari haqida soʻz boradi.
Maqolada quyidagi sportchilar haqida so‘z boradi:
Diyora Keldiyorova

Keldiyorova tom ma’noda bugungi kundagi oʻzbek sportining eng yorqin vakilalaridan biri. U mamlakat sportida yangi sahifa ochib berdi. 2023 va 2024-yillarda boʻlib oʻtgan jahon chempionatlarida kumush medallarni qoʻlga kiritgan Diyora Parij Olimpiadasida har bir sportchining eng katta orzusi boʻlgan oltin medalni qoʻlga kirdi. Bu gʻalaba nafaqat uning shaxsiy yutugʻi, balki oʻzbekistonlik yosh sportchilar uchun mayoq vazifasini ham bajarib bermoqda. Sababi Diyora mamlakat tarixida Olimpiya oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritgan ilk ayol sportchi sifatida tarixga kirdi.
Bugun u sport bilan birga Oʻzbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligining Gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakili sifatida faoliyat yuritmoqda.
Svetlana Osipova

Osipova Oʻzbekiston taekvondo terma jamoasining yetakchi sportchilaridan biri hisoblanadi. U 2022-yilda Meksikaning Gvadalaxara shahrida bo‘lib oʻtgan Jahon chempionatida oltin medalni, 2023-yilda Bokuda oʻtgan musobaqada esa kumush medalni qoʻlga kiritgan. U ham Diyora kabi Olimpiada o‘yinlarida medal qo‘lga kiritgan kam sonligi o‘zbekistonlik ayol sportchilardan biridir. Osipova Parij Olimpiadasida kumush medalni qoʻlga kiritgan, shuningdek, u Osiyo oʻyinlari, Islom birdamlik oʻyinlari va boshqa yirik musobaqalarda ham bir nechta marta shohsupadan joy olgan.
Feruza Sodiqova

Feruza yosh bo‘lishiga qaramay xalqaro musobaqalarda muntazam yuqori natijalar ko‘rsatib kelmoqda. U Jahon chempionatlarida ikki marta bronza medallarni, Osiyo chempionatida esa oltin va kumush, bronza medallarni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u Osiyo o‘yinlari, Islom birdamlik o‘yinlari, Universiada va Grand Slam turnirlarida ham bir necha bor sovrinli o‘rinlarni egallagan.
Shuningdek, sportchi O‘zbekiston Respublikasining «Kelajak bunyodkori» mukofoti sovrindori ham hisoblanadi.
Nigora Tursunkulova

Oʻzbekiston taekvondo terma jamoasining tajribali sportchilaridan biri boʻlgan Tursunkulova soʻnggi yillarda musobaqalarda kamnamo boʻlib qolgan. Tursunkulovaning ham xalqaro maydonlarda erishgan yutuqlari talaygina. 17 yoshida Filippin poytaxti Manilada oʻtgan Osiyo chempionatida bronza medalni qoʻlga kiritgan boʻlsa, 2018-yilda Vyetnamning Xoshimin shahrida oʻtgan chempionatda oltin medal sohibasiga aylangan.
Shuningdek, Nigora 2016-yil Rio va 2020-yil Tokio Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan. Tokiodagi ochilish marosimida u mamlakat bayrogʻini koʻtargan sportchi sifatida yodda qolgan.
Taxmina Ikromova

Ikromova 2022-yilda Pattayada oʻtgan Osiyo chempionatida individual va jamoaviy yoʻnalishlarda oltin medalni qoʻlga kiritgan. 2023-yil Toshkentda oʻtgan FIG Jahon seriyasida ham gʻoliblikni qoʻlga kiritgan Ikromova, 2025-yilda oʻz chempionlik unvonini yana himoya qildi. Taxminaning chiqishlari nafislik va kuchni uygʻunlashtiradi. U xalqaro musobaqalarda Oʻzbekiston nomini munosib himoya qilib kelmoqda. Yosh boʻlishiga qaramay, oʻz yoʻnalishida yetakchi sportchilardan biri sanaladi.
Layloxon Sobirova

Layloxon oʻzbek sportining eng maftunkor sportchilaridan biri hisoblanadi. Erkin kurashchi 2022-yilda Bahraynda oʻtgan Osiyo yoshlar chempionatida gʻolib chiqqan. Shunindek, 2023-yilda Astanada boʻlib oʻtgan Osiyo chempionatida kumush medalni, Xanchjouda oʻtgan Osiyo oʻyinlarida esa 57 kg vazn toifasida bronza medalni qoʻlga kiritgan. U Oʻzbekiston ayollar kurashi uchun yangi avlod vakilalaridan biri sanaladi.
Navbahor Hamidova

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda erkaklar boksi bilan birgalikda ayollar boksi ham yaxshigina siljishga erishdi. Bunday marralarga erishishda Navbahor kabi yosh va umidli bokschi qizlarning hissasi katta. U 2021-yilda Dubayda oʻtgan Osiyo chempionatida kumush, 2022-yilda Ammonda esa oltin medalni qoʻlga kiritgan. 2023-yil Hindistonda boʻlib oʻtgan jahon chempionatida bronza, 2025-yilda Liverpulda oʻtgan musobaqada esa kumush medal sohibasi hisoblanadi.
Shuningdek, Navbahor 2024-yil Parij Olimpiadasida Oʻzbekiston sharafini himoya qildi. U Osiyo va jahon miqyosidagi yirik turnirlarda doimo yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda.
Omina Valixanova

Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi futbolchisi Omina Valixanova xalqaro maydonlarda hali katta natijalarga erishmagan bo‘lsa, ham ro‘yxatimizdan joy oldi. U hozirgi kunda Toshkentning «Lokomotiv» klubida toʻp surmoqda. Shu bilan birga, tennis bilan ham professional tarzda shugʻullanadi. Sportchi Ijtimoiy tarmoqlarda juda faol.
Sabina Tashkenbayeva

2013-yildan biri O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi hisoblangan Tashkenbayevaning sportdagi yutuqlari tahsinga sazovor. U 2017, 2018 va 2019-yillardagi Osiyo chempionatlarida bir necha bor oltin va kumush medallarni qoʻlga kiritgan. 2018-yilda Indoneziyada oʻtgan Osiyo oʻyinlarida jamoaviy yoʻnalishda kumush, individual dasturda esa bronza medal sohibasiga aylangan.
Shuningdek, sportchi 2019-yilda Taylandda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida jamoaviy bahslarda oltin medalni qo‘lga kiritgan. Tokio Olimpiadasiga litsenziya beruvchi musobaqalarda Sabina muvaffaqiyatli ishtirok etib, final bosqichiga yo‘l olgan. Biroq unda koronavirus aniqlangani sababli to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida qatnasha olmagan.
Avvalroq «Kursiv» oʻzbekistonlik futbolchilar qaysi davlatlarda toʻp surayotgani haqida xabar bergan edi.