
Toshkent shahar hokimligi Bobur ko‘chasidagi archalarning kesilgani bilan bog‘liq holatga izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari doirasida 83 tup piramidasimon gujum daraxti va 62 mingdan ortiq manzarali butalar ekish rejalashtirilgan. Shu jarayonda avval o‘sib turgan o‘simliklarga nisbatan e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgan.
Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, bu hududda ilgari 145 tupga yaqin archa o‘sgan, ularning aksariyati kasallikka chalinib, qurib borayotgan bo‘lgan. Dastlab ularni ehtiyotkorlik bilan ko‘chirib o‘tkazish rejalashtirilgan, biroq mas’ullar belgilangan talablarni to‘liq bajarmagan.
Hokimlik mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani va uning natijalariga ko‘ra tegishli choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Toshkentda «Toza hudud» va «Toza poytaxt» loyihalari doirasida maxsus shtab ish boshlagani xabar qilingandi. Shtabning tarkibiga Toshkent shahar hokimligi, Bosh prokuratura, Ekologiya, Favqulodda vaziyatlar hamda Ichki ishlar vazirliklari, shuningdek, Milliy gvardiya va boshqa tegishli tashkilotlar vakillari jalb etilgan. Shtabning asosiy maqsadi – poytaxtda qulay, ozoda va sog‘lom muhitni ta’minlash.